Aloqa, komissiyasiz o'tkazmalar, bank kartasi, xaridlar, keshbek | HUMANS Borku. Bemalol Aloqada.

Gigantlar platformasi davrida startaplar qanday ekotizim yaratishi mumkin

Yangiliklar

Gigantlar platformasi davrida startaplar qanday ekotizim yaratishi mumkin

Superapplar nima

Superilovlar — umumiy interfeysga ega yagona tizimda birlashtirilgan mobil servislar to‘plami. Odatda superapp biznes-modeli 1-2 asosiy servislarga tayangan bo‘ladi, jumladan taksi, ovqat yetkazish, to‘lovlar, telekom yoki elektron tijorat bo‘lishi mumkin. Modullar bir-birini oziqlantirib turadi, buning evaziga doim yangi auditoriya kelib turadi — umuman olganda ular yanada ko‘proq sohalar va bozorlarni egallagan holda cheklovsiz o‘sishi mumkin. Bunday ilovalar yangi rekordlar o‘rnatishi, kompaniyalar esa milliardlab dollar jalb qilishi bexosdan emas.

Qizig‘i shundaki, aksariyat mobil ekotizimlar rivojlanib borayotgan davlatlarda joylashgan — jumladan, Xitoy, Rossiya, shuningdek Janubiy-Sharqiy Osiyoda, Yaqin Sharqda va Markaziy Osiyoda.

Superapplarni uchta toifaga bo‘lish mumkin:

  1. Ambitsioz yosh startaplar, ular kichik bir narsadan ish boshlab, tezda muvaffaqiyatga erishishni boshlagan, chunki kerakli vaqtda, kerakli joyda mos keladigan mahsulotga ega bo‘lgan. Masalan, Malayziyadagi Grab — taksi xizmatlari, oziq-ovqat yetkazish, shuningdek moliyaviy xizmatlarni taqdim etadigan superappga Garvard bitiruvchilari $25 ming dollarlik grantdan foydalangan holda asos solishgan — hozirda u $40 mlrd dollarga baholanmoqda.
  2. Yirik kompaniyalar bazasi asosida bir yo‘nalishda rivojlanadigan superapplar. Misol uchun — Kaspi.kz superappi bank ilovasi asosida rivojlangan. Hozirda u marketpleys va ichiga o‘rnatilgan BNPL-servis, bank xizmatlari va onlayn-to‘lovlar tizimi, chiptalar xarid qilish servisi va davlat xizmatlari.
  3. Superapp texnologik korporatsiya tomonidan yaratilgan. Masalan, Tencent Xitoy giganti — unga WeChat messenjeri tegishli.

Muvaffaqiyatli superilovaning yagona retsepti mavjud emas, bundan tashqari ko‘p narsa mahalliy bozordagi vaziyatga ham bog‘liq.

Startap samaradorligiga ta'sir etuvchi omillar

O‘z foydalanuvchingni bilib ol: ma'lumotlar asosiy resurs sifatida

So‘nggi 3-5 yil oralig‘ida texnologik bozorni tahlil qilsak, aksariyat kompaniyalar uchun eng katta qadriyat va eng kerakli resurs — foydalanuvchilar haqida ma'lumot bo‘lib qolganligini payqash mumkin.

Shunday ekan, Facebook Inc. Meta'ga aylandi va bexosdan metaolamga e'tibor qaratishini va'da qilmadi: Mark Tsukerberg kompaniyasi uchun virtual olamlar — foydalanuvchining hayotiga yangi portal bo‘lib, u nafaqat ularning qati-harakati va qiziqishi, balki insonning biometrik parametrlarini ham tahlil qilishga imkon yaratadi. Tesla ham ortda qolmagan — avtopilot texnologiyasi orqali u haydovchilar qati-harakati va avtomobil ishlashi haqida gigabaytlab ma'lumot yig‘ishi mumkin. Tesla elektroavtomobili pilotsiz rejimda bir kunning o‘zida 4 GB ma'lumot yig‘adi — har bir yangilanish bilan bu hajm oshib boradi.

Superapplar — foydalanuvchilar ma'lumotlarini yaratishga mo‘ljallangan yana bir qurol, bularga birinchilardan bo‘lib Osiyo kompaniyalari e'tibor qaratishgan. Bozor birinchilari qatorida WeChat messenjeri, AliPay to‘lov tizimi, Grab va Go-Jek yo‘lovchi tashish xizmatlari bo‘ldi — ularning ilovalari alohida foydalanuvchilarning muammolarini hal qilish bilan cheklanmay, millionlab aholiga raqamli voqelikka o‘rganishga yordam berdi.

2000-yillar boshida Alibaba va Tencent endigina fintex-mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlaganida, aksariyat xitoyliklar hatto bank kartasiga ham ega bo‘lmagan — aholi naqd puldan foydalangan. Mobil ilovalar butun bir evolyutsiya bosqichini hatlab o‘tishga imkon yaratdi. Endi ilovalardan voz kechish qiyin — bularning o‘rnini bosadigan boshqa hech nima yo‘q. Xitoyda bir necha oy WeChat yoki AliPay'siz kun kechirib ko‘ring — siz uy-joy ijara haqini to‘lay olmaysiz, ko‘plab davlat xizmatlaridan foydalana olmaysiz, mahalliy aholi bilan aloqa qila olmaysiz.

Har qanday superappning vazifasi — oldindan foydalanuvchining ehtiyojini taxmin qila olish va o‘z vaqtida kerakli xizmatni taklif qilish. Ma'lumotlar — oldindan taxmin qilish kaliti: ko‘proq ma'lumot va aniq algoritmlar samarali ekotizimlarni yaratishga yordam beradi. Aynan shuning uchun superapplar modeliga texnologik gigantlar hamda yirik sanoatchilik kompaniyalari e'tibor qaratishdi — masalan, banklar va telekom-provayderlar. Ularda ham Big Data, ham ulkan analitika tizimi mavjud, bu esa o‘z o‘rnida samarali qo‘shimcha mahsulotlarni yaratish imkoniyatini oshiradi.

Startap nimaga e'tibor qaratishi lozim:

Resurslar nuqtai nazaridan startaplar korporatsiyalarga yutqizadi. Ammo ularning boshqa afzalliklari bor — foydalanuvchi bilan zichroq munosabatlar. Masalan, Kolumbiyaning Rappi superappi, u orqali oziq-ovqat, dori-darmon buyurtma qilish, pul jo‘natish va qabul qilish yoki konsertga chipta xarid qilish mumkin, boshida mijozlar uchun kuryerlarga har qanday vazifa berish imkonini yaratgan: kimdir itini aylantirib kelishni so‘ragan, kimdir esa tunda ko‘chaga chiqishga qo‘rqib, kuryerni yaqin oradagi bankomatga pul yechish uchun jo‘natgan. Shunday qilib birinchi foydalanuvchilar ilk qo‘llanmalarni yaratib, bevosita servisning imkoniyatlariga ta'sir o‘tkazgan.

Maqsadli auditoriyani yaxshi tushunish afrikalik superapplarga o‘sish imkonini yaratdi, ular oldindan katta ma'lumotlarga ega bo‘lishi mumkin ham bo‘lmagan — mobil telefonlar bu mintaqada yaqin orada ommalasha boshladi. Ammo aynan shunday o‘zgachaligi mahalliy fintex-bozorni olg‘a yurgizdi. Masalan, keniyalik M-Pesa servisi oddiy tugmali telefon hamda vositachi-agent yordamida turli ko‘rinishdagi tranzaksiyalarni amalga oshirishga imkon yaratadi ular keniyaliklar uchun banklar va bankomatlarning o‘rnini qoplaydi.

Birinchi navbatda startapga odamlarga yoqadigan g‘oya kerak. Ammo har doim ham tubdan yangi narsa yaratish shart emas — mavjud bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan ma'qul. Masalan, HUMANS.uz ilovasini yaratishda, biz foydalanuvchilarning universal ehtiyojlarini hisobga oldik. Bizning superapp fintex-servis, aloqa operatori xizmatlari va onlayn-to‘lovlar vitrinasini o‘z ichiga olgan. Mijozlarga qulay, maishiy tranzaksiyalarni ortiqcha zo‘riqishsiz amalga oshirish imkonini yaratadigan mahsulot kerak: qarindoshlarga pul o‘tkazish, XUMSh (kommunal xizmatlar) va davlat xizmatlari to‘lovlarini amalga oshirish, kredit pulini to‘lash. Biz bank xizmatlarini telekom-provayder xizmatlari bilan birlashtirdik, ammo ham birinchisi, ham ikkinchisini rasmiylashtirish bo‘yicha muolajalarni qisqartirdik.

Bizning mijozlar uchun alohida olingan jihatlar asosiy rol o‘ynadi: masalan, har bir xarid uchun keshbek, tarifni har qanaqasiga boshqarish, bank kartasi va SIM-kartani uyga yetkazish bilan buyurtma qilish. Startapning asosiy vazifasi ham shunda — kundalik yumushlarni qulayroq tarzda samarali bajarish. Gigantlar infratuzilmasi tufayli kam harakatchan hisoblanadi, shuning uchun ular mijozga moslashishi qiyinroq bo‘ladi.

Rivojlanib borayotgan mamlakatlar tajriba platformasi sifatida

Qizig‘i shundaki, superapplar aynan rivojlanib borayotgan mamlakatlarda ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi — ular infratuzilma yo‘qligidan afzallik sifatida foydalanishadi, ular konservativ o‘yinchilar bilan emas, balki mahalliy erkin harakatlanuvchi tizimlar bilan raqobatga kirishadi. Masalan, Erondagi yo‘lovchi tashuvchi Snapp servisi taksi bozorining 85% egallab olgan — bundan oldin aksariyat bozorni litsenziyasiz xususiy yo‘lovchi tashuvchi haydovchilar egallagan edi.

Rivojlanib borayotgan mintaqalarning boshqa afzalligi — o‘sib borayotgan aholi soni (aksariyati 30 yoshga to‘lmagan), ular bilan esa internet-foydalanuvchilar soni ham o‘sib borib, o‘zlari uchun raqamli xizmatlarni kashf qiladi. Shunda agar Yevropa va Amerika bozorlarida egallanmagan joy kamligini aytsak, misol uchun Nigeriyada o‘sish uchun imkoniyat ko‘proq, raqobatchilik esa kamroq.

Katta raqamli potensialga ega bozor sifatida yaxshi misol qilib O‘zbekistonni aytish mumkin, bu yerda aholining 60% 30 yoshga to‘lmagan yoshlardan tashkil topgan. Ular mobil xizmatlardan foydalanishga tayyor, jumladan fintex-servislardan ham, ammo mahalliy o‘yinchilar ushbu auditoriyani va uning ehtiyojlarini qo‘ldan boy bermoqda — jumladan shuning uchun ham Humans fintex-platformasini joriy etish uchun biz aynan O‘zbekistonni tanladik. Bunday mamlakatlar gipotezalarni tekshirish va mahsulotlarni takomillashtirish uchun ideal maydonga aylanib boradi.

Startaplar nimaga e'tibor qaratishi kerak:

Mahalliy bozorga kirib borish har doim ham oson emas. Ko‘pincha tashqaridan kelgan kompaniyalar uchun hech qanday imkoniyat qolmaydi — shu sababdan osiyolik ilovalar juda tez muddat ichida katta auditoriyani jalb qila oldi. Xitoy mamlakatga g‘arbiy servislarni, jumladan messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarni kiritmadi, ammo shu bilan birga WeChat uchun qator qulayliklar yaratib berdi.

Nima bo‘lganda ham, yangi bozorda o‘z haq-huquqiniy himoyalay olish va bozordagi o‘zgarishlarga rioya qilishga tayyor bo‘lish lozim. Ayniqsa bu bir nechta mamlakatni qamrab olishga bel bog‘lagan startaplarga tegishli — doim o‘zgarib turadigan boshqaruv me'yorlariga moslashish kerak, ba'zida esa yangi qonunlar butun biznes-modelni o‘zgartirishga olib kelishi mumkin. Masalan, Nigeriyadagi Gokada startapi avval motobayk-taksi xizmatlarini rivojlantirmoqchi bo‘ldi, ammo transportlarga qo‘yilgan yangi cheklovlar tufayli biznesni qaytadan qurib, kuryerlik xizmatlariga e'tibor qaratdi.

Langar servislar va sotish mahorati

Ekotizimli yondashuvga ega startapning oddiy startapdan farqi — xizmatlarni sota olish, har qanday xizmatlarni. Agar sizning kompaniyangiz eng yaqin oradagi qahvaxonadan hammadan tez ichimlik olib kelishni o‘rgangan bo‘lsa bu — ajoyib, ammo bu ishda katta biznes qurib bo‘lmaydi. Superapp yondashuvi bu — masalan, buyurtmalarni taqsimlovchi "aqlli" tizim yaratish, u tezda arizalarga ishlov berib, agentlarga jo‘natish imkonini beradi. Aynan nigeriyalik Gokada modeli shunday barpo etilgan, u kuryerlarni har qanday vazifalarni bajaruvchi universal ijrochiga aylantiradi — kompaniya esa ularni zarur qurollar bilan ta'minlaydi.

Ekotizimli yondashuvning klassik namunasi — Alibaba biznesi. Undagi har bir yangi modul marketpleysdagi sotuvchilar va xaridorlarning ehtiyojidan kelib chiqqan, ammo vaqt o‘tib kompaniya ularni mustaqil bo‘laklarga ajratdi.

Ayrim startaplar eng boshida o‘z fokuslarini toraytirib, xatoga yo‘l qo‘yishadi. Masalan, Kanadadagi Nuula servisi kichik va o‘rta biznes uchun fintex-superapp yaratib berishni va'da qiladi. Eshitilishi hayratli, ammo aslida kompaniya kredit va to‘lovlarga urg‘u beradi. Ammo ular elektron xaridlar platformasiga MSP kirish imkonini taqdim eta oladimi? Yoki kontragentlarni tekshirish bo‘yicha platformagachi? Shubhali. Demak, Nuula eng asosiy maqsadi — ekran vaqti (skrintaym)ni uzaytirishga erisha olmaydi. Superappning muvaffaqiyati esa aynan shunga bog‘liq.

Ustiga yangi xizmat qo‘shish mumkin bo‘lgan fundamental xizmatni yaratish — ekotizimli modelning klassik namunasi. Superappda doim donor servis (yoki langar servis) fundamentga aylanadi, u yangi foydalanuvchilar kelishini ta'minlaydi. Bu oddiy interfeysga ega mobil hamyon, qulay messenjer, ijtimoiy tarmoq yoki Humans'ga o‘xshagan innovatsion tariflarga ega telekom-provayder bo‘lishi mumkin. So‘ng kross-seyl taktikalaridan foydalangan holda, mijozga qo‘shimcha xizmatlar taklif qilinishidan mahsulot qo‘shimcha imkoniyatlar bilan to‘ldiriladi.

Langar servisga lateral (qo‘shimcha) xizmatlar qo‘shiladi. Ba'zi vaziyatlarda bunda yondashuv biznesni qutqarishi mumkin — masalan, Afrikadagi OPay superappi avval taksi va yetkazish xizmatlariga e'tiborini qaratgan, ammo vaqt o‘tib, fintexga aylandi. Endi ilova bir qator servislarni taklif qiladi, ammo ularning aksariyati to‘lov bilan bog‘liq, bu OPay'ga mahalliy bozorning 80% egallashga yordam berdi.

Startap nimaga e'tibor qaratishi kerak:

Donor servisdan raqamli ekotizim yaraladi. Bugun siz superilova orqali internet narxini to‘laysiz, ertaga esa xuddi shu ilova orqali shifokor qabuliga yozilasiz yoki vizaga hujjatlaringizni topshirasiz. Ilovadagi har bir yangi modul ekran vaqtini uzaytiradi, shu bilan birga daromad va ma'lumotlar hajmi ortib boradi. Shuning uchun superappning asosiy vazifasi — mijozlarning ehtiyojlarini yaxshi tushunish va oldindan taxmin qila olish, shu orqali ularni ilovada imkon boricha ko‘proq harakat bajarishga undash.

Buni hatto gigantlar ham uddalay olmaydi. Faqatgina 2021-yilga kelib plyusga chiqqan Uber'ning muammosi, — langar servisning zarar keltirishi. Uber Eats hamda boshqa biznes vertikallari — yangi donor xizmat topish yo‘lida urinish, ammo hozircha samarasiz.

Bunday xatolarga ko‘plab kompaniyalar yo‘l qo‘yishadi. Ammo yirik o‘yinchilarga qaraganda, "langar" izlash va lateral xizmatlar bilan tajriba o‘tkazish uchun startapning resursi kamroq bo‘ladi. Masalan, Yandex va Sber erkin ravishda modullarni qo‘shishi va olib tashlashi mumkin, qolaversa mavjud bo‘lgan auditoriyada gipotezalarni sinashi mumkin, kichik kompaniya esa har bir qadamini aniqroq hisob-kitob qilishi va o‘z maqsadli auditoriyasini imkon boricha yaxshi bilishi kerak. Yirik bank ilovasi striming servisni ishga tushirishi mumkin va shunchaki mavjud mijozlar bazasi evaziga minimal miqdorda kerak bo‘lgan foydalanuvchilar auditoriyasini yig‘ishi mumkin. Startapda esa bunday imkoniyat mavjud emas.

2022-yilda superapp: qiyin, ammo hali ham kelajagi bor

Superapplar kelajagi haqida aniq bitta fikr bildirilmagan — kimdir bunday model boshqa ish bermaydi va ko‘plab mamlakatlardagi qonunchilik talablari oshib borishi sababli, kompaniyalar uchun erkinlik kamayib bormoqda, deb hisoblaydi. Cheklovlarga ham yangi kompaniyalar, ham Uber kabi gigantlar ham duch kelmoqda. Boshqalar esa aksincha, superilovalar — kelajak poydevori, deb hisoblashadi, chunki ular tengsiz ravishda asosiy resurs — ma'lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi, jumladan eng faol, xarid imkoniyati yuqori bo‘lgan auditoriyaga ham.

Superapplar taqdiriga joriy geopolitik vaziyat ham ta'sir o‘tkazishi mumkin. Yevropada inflyatsiya sur'ati o‘sishi kutilmoqda — paradoksal ravishda bu rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiyot o‘sishiga olib keladi. Buning sababi shundaki, bunday davrlarda yuqori texnologik sohalarga sarmoyalar faol kiritila boshlaydi, chunki aynan shunday holatda investorlar sarmoyalaridan samarali foydalana olishadi. O‘z o‘rnida bu tech-loyihalar o‘sishini tezlashtiradi va bozordagi raqobatni kuchaytirib, superapplar rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi.

Faqat quyidagi holatlarda startap bozorga kirishi mumkin:

  • daromad langari aniq belgilangan — foydalanuvchilarni jalb qilishga kafolat beradigan va erta bosqichda tezda baza yig‘ib beradigan donor servisi bo‘lsa. Vaqt o‘tib, e'tiboringizni boshqa langar xizmatga qaratishingiz mumkin;
  • skrintaymni qay tarzda ekspontsional tarzda o‘stirishni tushunish (yangi servislar, mexanikalar, qo‘shimcha funksiyalar evaziga);

*maqsadli bozor va auditoriyani yaxshi tushunish;

  • raqiblardan sezilarli darajada farq qilish — texnologiyalar, qulaylik, tezlik borasida. Boshqalar mijozga bermagan narsani siz bering, yoki noyob bir narsa berayotgandek tasvir yarating.

Ammo boshqa biznes-modellarni ham unutmaslik kerak. Muayyan auditoriya uchun yaratiladigan servislar hech qayerga yo‘q bo‘lib qolmaydi, bundan tashqari, ular kam harakatchanroq superapplarga qaragand,a tezroq o‘zgarishi va rivojlanishi mumkin. Masalan, siz IKEA'dan massaj stolini, Nike'dan esa skvosh raketkalarini xarid qilmaysiz, hoynahoy siz ixtisoslashtirilgan kompaniyaga murojaat qilasiz. Ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarda xatar kamroq, ammo o‘sish imkoniyati ham ularda pastroq.

Superapplar xizmat ko‘rsatishga ham e'tibor berishi lozim — ular qancha yiriklashib borsa, ixtisoslashtirilgan b2b xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib boradi. Masalan, mijozlarga baho berish bo‘yicha ichki tizim.